12-aprel kuni Buxoro viloyatining Galaosiyo shahridagi “Oqshom” to‘yxonasida o‘tkazilgan to‘yda 53 kishi, jumladan, bolalar zaharlandi, deb xabar berdi Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

13-aprelga o‘tar kechasi (soat 22:00 dan 03:00 gacha) Buxoro viloyati markaziy shifoxonasiga qorinda og‘riq, qusish, ko‘ngil aynish, holsizlik shikoyatlari bilan 16 nafar fuqaro, jumladan, 4 nafar bola murojaat qilgan.

Buxoro tuman markaziy shifoxonasiga barcha vrachlar safarbar etilgan. Shuningdek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ham tegishli mutaxassislar jalb etildi va murojaat qilganlar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Barcha bemorlarga “o‘tkir diareya, gastritik va gastroenteritik shakli, o‘rta og‘irlikda kechishi; ovqatdan zaharlanish” tashxisi qo‘yilgan va infuzion terapiya boshlangan.

Xuddi shunday shikoyat bilan qo‘shni Vobkent tumani tibbiyot birlashmasiga ham 37 nafar fuqaro, jumladan, 9 nafar bola murojaat qilgan. Ularga ham xuddi shunday tashxis qo‘yilgan.

13-aprel soat 9:00 holatiga ko‘ra, sog‘lig‘i qoniqarli bo‘lgan 43 nafar: Buxoro tumanida — 11 nafar, Vobkent tumanida — 32 nafar fuqaro tibbiyot muassasalaridan chiqarilgan. Kun davomida qolganlarni ham uylariga jo‘natish rejalashtirilgan edi.

Tibbiyot xodimlari barcha bemorlarning ahvolini nazoratga oldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi fuqarolarni iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatiga e’tiborni kuchaytirishga chaqirdi.