4-aprel kuni “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni [PF-59-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar tashkil etiladi:

  • Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (Agentlik);
  • Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida 4 shtat birligidan iborat bo‘lgan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘limi (Bo‘lim);

Shuningdek, quyidagilar kiritiladi:

  • kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining o‘rinbosari — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori lavozimi;
  • O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalari shtat jadvaliga qo‘shimcha ravishda 1 ta shtat birligidan iborat mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi.

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-iyundan “Xorijda ish” mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

  • xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — BHMning 3 baravarigacha miqdorda;
  • xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 5 baravarigacha miqdorda;
  • yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

Sug‘urta tashkilotlariga — “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta 50 ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi.

Xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-iyundan hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.

2024-yil 1-sentabrgacha:

  • mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish uchun tunu kun ishlaydigan Call-markaz faoliyati tashkil etiladi;
  • chet eldan chiquvchi abonentlar uchun Call-markaz raqamiga qo‘ng‘iroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkoni yaratiladi.

2025-yil 1-iyulgacha quyidagilar yaratiladi:

  • O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi yagona idoralararo va to‘liq integratsiya qilingan elektron ma’lumotlar bazasi;
  • mehnat migrantlari uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova.

2024-yil 1-iyuldan xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston tashqarisida ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat etiladi.