25−30-aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” II xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tashkiliy ishchi guruh tuzilgan hamda O‘zbekistonning xorijdagi 50 dan ortiq diplomatik vakolatxonalari orqali chet eldagi ijodiy guruhlarni YUNESKOning shafeligida o‘tkazilayotgan mazkur festivalga taklif qilish yuzasidan tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yuborilgan.

“Bugunga qadar 18 ta davlat: Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Indoneziya, Misr, Belarus, Rossiya, Serbiya, Braziliya, Italiya, Koreya, Hindiston, Fransiyadan yigirmata raqs guruhi festivalda qatnashish istagini bildirilgan. Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Misr mamlakatlarining madaniyat vazirlari hamda ISESCO bosh direktori festivalda faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi kutilmoqda”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Ma’lum qilinishicha, tanlovning hududiy saralash bosqichi 8−9-aprel kunlari, respublika saralash bosqichi esa 11−12-aprel kunlari O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida bo‘lib o‘tadi.

Hozirgacha Germaniya, Koreya, AQSh, Qozog‘iston va O‘zbekistondan hakamlikka nomzodlik uchun arizalar kelib tushgan. Shuningdek, festival doirasida tashkil etiladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etish uchun ellikka yaqin mahalliy olimlar, yigirma beshdan ziyod xorijiy olim va soha vakillar ariza yo‘llagan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020-yil sentabridagi qarorida har ikki yilda bir marotaba 25−30-aprel kunlari Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilishi belgilangan.

Festivalni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi tadbirni tashkil qilishga mas’ul organlar hisoblanadi. Festival doirasida “Lazgi” xalqaro raqs festivali tanlovi tashkil etiladi.

Tanlov ishtirokchilarining chiqishlari 3 ta nominatsiya (“Eng yaxshi yakkaxon raqs ijrosichi”, “Eng yaxshi raqs jamoasi” va “Eng yaxshi sahnalashtirilgan raqs”) bo‘yicha baholanadi.

Tanlov g‘oliblari diplom, statuetka va quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • “Gran-pri” — 7000 dollar.

Har bir nominatsiya bo‘yicha:

  • 1-o‘rin — 5000 dollar;
  • 2-o‘rin — 3000 dollar;
  • 3-o‘rin — 2000 dollar.

Madaniyat vazirligiga ko‘ra, 2022-yili Xivada o‘tkazilgan festivalda dunyoning 30 davlatidan 175 dan ziyod iste’dodli raqqosalar, professional raqs jamoalar, raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, faxriy mehmonlar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan.