Davlat xavfsizlik xizmati Andijon, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida fuqarolarni Amerika Qo‘shma Shtatlariga noqonuniy yo‘llar bilan yuborishni va’da qilgan shaxslarni ushladi. Bu haqda tashkilotning Telegram`dagi kanalida xabar berildi.

Andijon viloyatining Marhamat tumanida yashovchi shaxs asakalik fuqaroni Meksika orqali AQShga yuborish evaziga 19 ming dollar talab qilib, oldindan 15 mingini olgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, 15 ming dollardan 6 mingini olgan vaqtida mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan, Marhamat tumanida yashovchi fuqaro ham qo‘lga olindi.

Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda samarqandlik shaxs Nurotada yashovchi fuqaroni Meksika orqali Qo‘shma Shtatlarga yuborish evaziga 14 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Sirdaryoda esa jizzaxlik 26 yoshli shaxs 15 ming dollar evaziga Sardoba tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga Amerikaga yuborishni va’da qilib, undan oldindan 12 ming dollar va 6 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, DXX Toshkent shahrining Bektemir tumanida ham tezkor tadbir o‘tkazdi. Aniqlanishicha, Toshkent viloyatining Angren shahrida yashovchi ayol Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga viza va boshqa tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, uni Turkiya-Nikaragua-Meksika yo‘nalishi orqali AQShga yuborishni reja qilgan. Ayol buning evaziga 16 ming dollar talab qilib, oldindan 9 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.