Toshkent hayvonot bog‘ida hayvonlarni parvarishlash va davolash xarajatlari o‘sishi munosabati bilan 2-apreldan kirish chiptalari narxlari oshirildi, deya xabar bermoqda bog‘ matbuot xizmati.

Zoopark jonivorlarning parvarishi, salomatligi va farovonligi uchun doimo sarmoya kiritishini, biroq bularning barchasi katta moliyaviy investitsiyalarni talab qilishi, ular esa narxlarning o‘shishi bilan ortishini bildirdi.

Endilikda kirish chiptalarining narxi quyidagicha bo‘ladi:

  • 7 yoshdan 16 yoshgacha bolalar uchun — 25 ming so‘m (avval 20 ming so‘m);
  • 16 yoshdan kattalar uchun — 40 ming so‘m (35);
  • Nafaqadagi fuqarolar uchun — 25 ming so‘m (20);
  • Xizmatini o‘tayotgan harbiylar uchun — 25 ming so‘m (20);
  • Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun — bepul;
  • 7 yoshdan kichik bolalar uchun — bepul.

“Bu qaror, shuningdek, chorva yemi narxining oshishi, kommunal xizmatlar (elektr energiyasi, gaz, suv) narxining oshib ketishining o‘rnini qoplash va hayvonlarimizni parvarish qilishni yuqori darajada saqlash zarurati bilan bog‘liq”, — deyiladi xabarda.