Ichki ishlar vazirligi “Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxslarni masofaviy nazorat qilish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi asosida elektron braslet yaratgan. Uning dasturiy ta’minoti ishlab chiqilgan, respublikaning 14 ta hududida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar ichki ishlar organlari jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, probatsiya xizmatlarida) sinovdan o‘tkazilib, amaliyotga joriy etishga tayyor holatga keltirilgan.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofaviy nazorat qilish amaliyoti 2024-yilda bosqichma-bosqich quyidagi tartibda:

  • 1-maydan boshlab Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida;
  • 1-iyundan boshlab Toshkent shahar, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida;
  • 1-avgustdan boshlab Jizzax, Navoiy va Buxoro viloyatlarida;
  • 1-oktabrdan boshlab Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida;
  • 1-dekabrdan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida amaliyotga to‘liq joriy etiladi.

Elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs oyog‘ining boldir qismiga taqiladi. Uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning oyog‘iga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja ko‘rsatilgan holatda) elektron brasletni qo‘lning bilak qismiga taqishga ruxsat beriladi.

Ayol jinsidagi shaxsga elektron braslet shu jinsdagi xodim (ichki ishlar organi jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori) tomonidan taqiladi. Homilador ayol, ushbu Nizomning ilovasida nazarda tutilgan kasallikka chalingan yoki jismoniy nuqsoni bo‘lgan shaxsga elektron braslet taqilmaydi.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs uy qamog‘i ehtiyot chorasini yoki ozodlikni cheklash jazosini ijro etish jarayonida elektron brasletni oyog‘idan (yoki qo‘lidan) yechmaydi va doimiy ishchi holatda bo‘lishini ta’minlaydi.

Elektron brasletning vizual signali ishga tushgan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi profilaktika inspektori bilan birgalikda yuzaga kelayotgan vaziyatdan kelib chiqqan holda uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning elektron brasletni yechishga, unga shikast yetkazishga yoki qochishga bo‘lgan urinishlarini bartaraf etish (to‘xtatish, chek qo‘yish, nazoratni kuchaytirish), uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs qochgan taqdirda, uni ta’qib qilish va ushlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Elektron brasletning vizual signali ishga tushish sabablariga aniqlik kiritish jarayonida uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxsning qochganligi tasdiqlangan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi zudlik bilan ichki ishlar organlarining qo‘shimcha kuch va vositalarini jalb qilib, qochgan shaxsga taqilgan elektron brasletdan uzatilayotgan GPS signaliga muvofiq ularni tegishli hududga yo‘naltiradi. Mazkur harakatlar qochgan shaxsning ushlanguniga qadar davom etadi.

Elektron brasletga uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llanilgan shaxs qasddan shikast yetkazgan hollarda yetkazilgan moddiy zararning o‘rni ushbu shaxs tomonidan qoplanadi.