2024-yil 30-mart Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tuman sudida Solixon domla taxallusi bilan tanilgan Solixon Ortiqxo‘jayev ustidan sud bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 30-mart kuni Sergeli tumani IIO FMB xodimlari va DXX xodimlari jinoyatda gumon qilinib, qidiruvda bo‘lgan fuqaro bo‘yicha qidiruv ishlari olib borish davomida, tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorga asosan Solixon Ortiqho‘jayevning uyiga borgan.

Aniqlanishicha, u xodimlarga nisbatan samimiy bo‘lmagan munosabatda bo‘lib, baqir-chaqir qilib, baland ovozda “terrorchi emasman, siyosatga qarshi emasman, jinoyatchi emasman” deb shovqin qilib, shu yerdan o‘tib ketayotgan fuqarolarning tinchini buzgan. Shuningdek, IIO xodimlari tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan telefon apparatini taqdim qilish so‘ralganida, ularga telefon apparatini taqdim etmasdan, IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmagan.

Sud majlisida Solixon Ortiqxo‘jayev huquqbuzarlik harakatiga qisman iqrorlik bildirib, lekin baqir-chaqir qilmaganini aytib suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘radi.

Telegram messenjeri orqali so‘roq qilingan guvoh F.Yu. sudda haqiqatdan ham 30-mart kuni hududdan o‘tib ketayotganida, baqir-chaqir ovozi eshitilganini, borganida Solixon Ortiqxo‘jayev baland ovozda baqirib hammani o‘ziga jalb qilganini, uning shovqinini hamma eshitganini aytgan.

Sud Solixon Ortiqxo‘jayevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinladi.

Bundan tashqari, saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni 765 000 so‘m undirilishi belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Solixon domla nomi bilan tanilgan ushbu imom noibining internet tarmoqlaridagi keskin chiqishlari fuqarolar, ayniqsa, Xorazm viloyatida istiqomat qiluvchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng 2022-yil boshida Toshkent viloyati Zangiota tumani “Fath” jome masjidida imom noibi vazifasida ishlab kelgan Solixon Ortiqxo‘jayev ishdan bo‘shatilgandi.