Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan navbatdagi nazorat tadbirlari o‘tkazildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Xususan, Surxondaryo viloyati Denov tumanida V-VII asrlarga oid Kattatepa arxeologik yodgorligining 876 metr kub maydoni fuqaro Z.H. va boshqalar tomonidan molxona qurish uchun buzib yuborilgani aniqlandi. Buning oqibatida obyektga 23,3 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shuningdek, Navoiy viloyatidagi Oqtepa-1 arxeologiya yodgorligining 193 metr kub tuprog‘i 3 nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan kovlab olingan oqibatida 2,6 mlrd so‘m, Badaxshontepa arxeologiya yodgorligining 164 metr kub hududi ekin maydoniga aylantirilgani sabab 2,3 mlrd so‘m, Yomonqiyottepa yodgorligining 12 metr kub maydoni kovlab olingani oqibatida esa 163 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Bundan tashqari, Namangan viloyati Uychi tumanida o‘rta asrlarga oid Tolmozortepa arxeologiya yodgorligining 0,48 gektar qismi fuqaro A.K. tomonidan texnika yordamida tekislangan. Yodgorlik 871 mln so‘mlik zarar ko‘rgan.

Aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mazkur jinoiy qilmishlar qonunchilikka asosan og‘ir jinoyat hisoblanib, aybdor shaxslarga nisbatan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi belgilangan, deyiladi xabarda.