4-mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi ITFC o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida 100 mln dollar miqdoridagi “Murabaha” moliyalashtirish bitimi va agentlik kelishuvi imzolandi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Bitim Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan.

“Mablag‘ 24 oygacha bo‘lgan muddatga qulay shartlarda ikki transhda ajratiladi. Ushbu mablag‘lar O‘zbekiston aholisining ehtiyojlarini qondirish, mamlakat agrar sektorining barqarorligi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga imkon beradi”, — deyiladi xabarda.

ITFC haqida

Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) Islom taraqqiyot bankining asosiy instituti bo‘lib, uning vazifasi Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy o‘sish va savdoni rivojlantirishni rag‘batlantirishdan iborat.