1-mart kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari бŭйича Yuqori Chirchiq tuman sudida voyaga yetmagan qiz telefon raqamiga SMS yozib, shahvoniy shilqimlik qilgan erkakka nisbatan sud hukmi o‘qildi. “Gazeta.uz” sud qarori hujjatini o‘rgandi.

Sud materialiga ko‘ra, 2024-yil 5-fevral kuni Yuqori Chirchiq tumani Yangibozor qo‘rg‘onida 12 yoshli qiz maktabdan chiqib ketayotib, manziliga yetib olish uchun mashina to‘xtatgan. Shu vaqtda 1965-yilda tug‘ilgan A.N. o‘zining boshqaruvidagi mashinasini to‘xtatib, qizni uyiga olib borib qo‘yish jarayonida uning telefon raqamini olgan. So‘ngra u qizga fevral oyining turli kunlarida sha’ni va qadr qimmatini kamsituvchi so‘zlardan iborat SMS xabarlar yozib, shahvoniy shilqimlik qilib kelgan.

Qizning otasi bundan xabar topib ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan va holat yuzasidan A.N.ga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Sudlanuvchi ushbu harakatlarni sodir etganini tan olib, yomon niyati bo‘lmaganini, qilmishidan pushaymon ekanini bildirib, yengillik berishni so‘ragan.

Sud tomonidan A.N. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (Shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Jazo o‘talganidan so‘ng A.N.dan Toshkent viloyat IIBB Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qabulxonasi foydasiga saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya’ni 51 ming so‘mdan 5 kun, jami 255 ming so‘m saqlash bilan bog‘liq xarajatlar undirilishi belgilandi.