Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida 29-fevral kuni Voltalia kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Marosimda davlatimiz rahbari bu sohaning strategik ahamiyatini qayd etdi.

“Energetika sanoatida barqarorlikka erishish global integratsiya sharoitida har bir davlatning strategik maqsadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi generatsiyalar — zamonaviy taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kuch-quvvat bo‘ladigan asosiy “drayver”lardan biridir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Endi bu sohada yana bir majmua — Fransiyaning Voltalia kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.

Bu Xorazmdagi ilk shunday yirik loyiha bo‘ladi. Uning natijasida yiliga 254 million kilovatt soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Bu esa Xorazm viloyati yillik elektr energiyasi iste’molining 11 foizini qoplaydi. Ushbu stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan.

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30 foizga oshib, 424 mega-vattga yetadi. Xususan, Tuproqqal’a tumanining elektrga bo‘lgan yillik 135 million kilovatt soat talabi to‘liq qondiriladi.

Shu bilan birga, iste’moldan ortgan 40 foiz energiyani qo‘shni tumanlarga uzatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga erishiladi.

Eng muhimi, ushbu loyiha orqali 76 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Mazkur loyiha doirasida ilk bor agrovoltaika tajribasi qo‘llanadi. Bu bir maydonning o‘zida energiya va qishloq xo‘jaligini birlashtirish usuli bo‘lib, quyosh panellari ostida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.

Davlat rahbari bunday innovatsion loyihalar O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘pqirrali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, investor va muhandislarga minnatdorlik bildirdi.

“Barchangizni nafaqat Xorazm viloyati, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyotiga yangi ruh va nafas olib kiradigan mana shunday yangi quvvatlar bilan tabriklayman”, — dedi prezident.