Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi kaliy zavodi sizot suvlari soyga oqizilgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar qildi.

Vazirlik va uning hududiy boshqarmasi tomonidan Dehqonobod tumanida joylashgan “Dehqonobod kaliy zavodi” faoliyati o‘rganildi.

Tekshiruv davomida yer ostida hosil bo‘lgan sizot suvlarini tashqariga chiqarish uchun shaxta loyihasi asosida markaziy nasos stansiyasi qurilgani, loyihada esa suv tozalash inshooti ko‘zda tutilmaganligi natijasida chiqindi suvlarning uchdan ikki qismi ruda changini bosish uchun ishlatilib, bir qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Tuyashsoy” soyiga tashlanayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu avariyali tashlanma suvlardan namunalar olinib, tahlil qilinganda oqova suv tarkibida muallaq moddalar 31,0 mg/l, quruq qoldiq 6130 mg/l, xloridlar 1582,1 mg/l, kimyoviy moddalar 16,3 mg/l, nitrit 24,5 m/l, ammoniy 0,02 m/l, nitrat 0,05 m/l, moylar 0,001 m/l, neft mahsulotlari 0,001 m/l ko‘rsatkichda ekanligi aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, kon faoliyati uchun ishlab chiqilgan “Ekologik oqibatlar bayonoti” loyiha hujjatida (2018-yil) hosil bo‘lgan shaxta suvlarini maxsus tuz saqlash hovuziga joylashtirish belgilangan bo‘lsada, amalda mazkur yer osti sizot suvlari soyga tashlanmoqda. Mazkur suvlarning tarkibi korxonaga tegishli bo‘lgan markaziy laboratoriya tomonidan 2022-yil 17-avgust oyidan boshlab tahlil qilina boshlangan va natijalari qayd etib borilgan. Shuningdek, 2020-yilda o‘tkazilgan tekshirishda ushbu manbadan hosil bo‘lgan sizot suvlarni soyga tashlamaslik bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalarga amal qilinmagan.

Yuqoridagi qonun buzilishi holatlaridan kelib chiqib, “Dehqonobod kaliy zavodi”ga 363 mln 57 ming 900 so‘m kompensatsiya to‘lovi belgilandi. Shuningdek, tekshirish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan 18 banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar berildi.