O‘zbekiston hududiga o‘tgan kechasi sovuq havo massalari kirib kelishi boshlandi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet xizmati agentligi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va respublikaning cho‘l hududlarida shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchaydi, ba’zi joylarda shamol kuchayishi 28 m/s ga yetdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyati shimolida havo harorati ertalab −11…−17 daraja sovuqqacha pasaydi.

Juma kuni sovuq havo massalari respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi. Kun davomida hududning katta qismida harorat 0…+5 daraja iliqqacha pasayishi kutilmoqda, shimolda harorat −3…−8 daraja sovuq atrofida bo‘ladi.

Shanba va yakshanba kunlari kechalari harorat −3…−8 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduz kunlari −3…+2 daraja atrofida, ba’zi joylarda +5 darajagacha bo‘ladi. Shimolda harorat kechalari −11…−16 daraja sovuq, kunduzi −3…−8 daraja sovuq bo‘ladi.

Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bugun kunduzi yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, yomg‘ir qorga aylanadi. Dam olish kunlari Buxoro, Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida asosan qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi.

Shamol shimoli-sharqdan 7−12 m/s tezlikda esadi, 16−17-fevralda ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Respublikaning tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi, 16-fevralda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, qor ko‘chishi xavfi bor. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushadi. Yo‘llarda ba’zi joylarda yaxmalak kuzatiladi.

Poytaxtda juma kuni kunduzi vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Dam olish kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol shimoli-sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 10−12 m/s gacha kuchayadi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shanba va yakshanba kunlari harorat kechalari −3…−5 daraja sovuq, kunduz kunlari −1…+2 daraja bo‘ladi.