O‘zbekistonlik bokschilar “kichik jahon chempionati” — “Stranja” turnirini qatorasiga to‘rtinchi yil birinchi o‘rinda yakunladi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha 75-an’anaviy “Stranja” turniri o‘z yakuniga yetdi. Bu galgi bahslarda dunyoning 28 mamlakatidan 261 nafar charm qo‘lqop ustalari o‘z mahoratlarini namoyish qildi.

Rahmatjon Ro‘ziohunov murabbiyligida qatnashgan o‘zbekistonlik bokschilar 5 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, qizlardan Sabina Boboqulova -50 kg vazn toifasida oltin, Hamrobonu Mamajonova esa -57 kg vaznda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Shu tariqa O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoasining jamg‘argan jami medallari 6 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronzani tashkil etdi.

G‘olib va sovrindorlar:

Oltin medal:

-50 kg: Sabina Boboqulova
-54 kg: Xo‘janazar Nortojiyev
-60 kg: Abdumalik Xalokov
-71 kg: Iqboljon Xoldorov
-75 kg: Javohir Ummataliyev
+92 kg: Jahongir Zokirov

Kumush medal:
-54 kg: Shahzod Muzaffarov
-63,5 kg: Adhamjon Muhiddinov

Bronza medal:
-57 kg: Hamrobonu Mamajonova
-51 kg: Asilbek Jalilov
-54 kg: Hasanboy Do‘smatov
-60 kg: Dilshod Abdumurodov
-75 kg: Fazliddin Erkinboyev
-86 kg: Samandar Jalolov.

Eslatib o‘tamiz, boks terma jamoasi 2023-yilda ham turnirning mutlaq chempioni bo‘lgan. 2022-yilda ham mazkur turnir o‘zbekistonliklar uchun omadli kelib, sportchilar 6 ta oltin va 1 ta bronza olib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagandi.