23-yanvar kuni AQSh o‘zining Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali 422,8 ming dollarlik 131 tonna oziq-ovqat yordamini O‘zbekistonga yetkazib berdi. Bu haqda elchixona matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar qildi.

Yordam 120 dan ortiq sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalariga tarqatiladi. Jumladan, mamlakatdagi yordamga eng ko‘p muhtoj fuqarolar, xususan, tuberkulyoz va ruhiy salomatlik muassasalaridagi bemorlar, nogironligi bo‘lgan bolalar va keksalarni 6,5 million porsiya oziq-ovqat bilan ta’minlaydi.

usaid, oziq-ovqat yordami, ақш

“Ushbu dastur ovqatlanish sifatini yaxshilash hamda aholining eng zaif qatlamlari sog‘lom va samarali hayot kechirish uchun yetarli, xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqat bilan ta’minlanishi bo‘yicha davom etayotgan O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlikni namoyish etadi”, — dedi USAID`ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman.

Ma’lumot uchun, 2010-yildan beri USAID`ning Oziq-ovqat ko‘magini berish xalqaro hamkorlik dasturi doirasida qiymati 4,4 million AQSh dollaridan ortiq 1500 tonna oziq-ovqat yordami O‘zbekistonga yetkazib berilgan. Beg‘araz yordam sifatida berilgan bu oziq-ovqat mahsulotlari AQShning notijorat tashkiloti — Resource and Policy Exchange tomonidan Sog‘lom avlod uchun xalqaro xayriya jamg‘armasi bilan hamkorlikda tarqatiladi.

O‘zbekistonga olib kelingan ushbu yangi insonparvarlik yordami AQShning mamlakat sog‘liqni saqlash sohasini qo‘llab-quvvatlash doirasidagi qiymati 122 million AQSh dollaridan ortiq uzoq muddatli sarmoyasining bir qismi hisoblanadi. Shu bilan, AQSh hukumatining so‘nggi 20 yilda davomida mamlakatga ko‘rsatgan yordami miqdori 1 milliard AQSh dollaridan oshdi.