Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yo‘ldan o‘tib ketayotgan yo‘l-patrul xizmati xodimlarini haqoratlagan erkaklarga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Milliy TV telekanalining Millar dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, 4 nafar erkak yo‘ldan o‘tib ketayotgan YPX xodimlarining avtomashinasini videoga olib, xodimlarni turli so‘zlar bilan haqorat qilgan. Ularning onasidan so‘kib, videoni Telegram orqali turli guruhlarga jo‘natgan.

“7-yanvar kuni o‘rtoqlarimiz bilan yig‘ildik. Spirtli ichimlik ichib olgandik, keyin tashqariga chiqdik. O‘sha vaqtda mahallamizning Telegram guruhiga yo‘ldan o‘tayotgan GAI mashinasiga qarab haqoratli so‘zlar ishlatdik. Hech qanday „GAI“ xodimlariga adovatim yo‘q. Hammasidan uzr so‘rayman. Videoni kim tarqatdi noma’lum”, — deydi erkaklardan biri.

Sudlanuvchilarning qolganlari ham mast holatda bo‘lishgani, so‘kishgani va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tumani sudi hukmi bilan ularning har biriga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bilan 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.