Markaziy bank mamlakatda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, ortiqcha qarz yukining oldini olish maqsadida bir qator makroprudensial va prudensial choralar ko‘rgani va ko‘rishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Xususan, regulyator qarz yuki bo‘yicha talablarni barcha kreditlar kesimida joriy etmoqchi, deya xabar berdi 4-yanvar kuni Markaziy bank tashkil qilgan media-muloqotda qatnashgan “Gazeta.uz” muxbiri.

Endilikda kredit foizi o‘rniga qarz oluvchining qarz yuki darajasi (DSTI) va kreditning garovga (ta’minot) nisbatiga asoslangan talablar joriy etiladi.

Qarz yuki bo‘yicha talab O‘zbekistonda hozirgacha faqat mikroqarzlar uchun amal qilgan bo‘lib, 50 foizni tashkil etgan. 2024-yil 1-iyuldan barcha kreditlarni berishda (mikroqarzlar uchun ham) qarz beruvchilarga mijozlarining qarz yuki 60 foizdan oshib ketmasligi talabi qo‘yiladi. 2025-yil 1-yanvardan esa bu ko‘rsatkich 50 foizgacha pasaytiriladi.

Bundan tashqari, regulyator qarz yuki bo‘yicha talabda istisnolar ham bo‘lishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bank kredit portfelining 15 foizigacha bo‘lgan qismigacha qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichini inobatga olmasdan kredit ajratishga ruxsat beriladi.

Ruxsat etilgan miqdor qarz yuki bo‘yicha talabni inobatga olmasdan ajratilgan kreditlar sonini barcha kreditlar soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

Regulyator qarz yuki hisob-kitobini barcha kreditlar kesimida joriy qilish orqali quyidagi maqsadlarga erishmoqchi ekanini qayd etdi:

  • aholi daromadlarini rasmiylashtirish;
  • kreditlashda daromadi rasmiylashtirilgan qarz oluvchilar rag‘batlantirilishi;
  • norasmiy daromadlarni baholashi formallashtirish;
  • banklarni mas’uliyatli kreditlashga (responsible lending) jalb etish.

Regulyator mazkur makroprudensial chora xalqaro tajribada mavjud ekani ta’kidladi.

марказий bank, qarz yuki

Qarz yuki ko‘rsatkichi kredit (mikroqarz) bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdorining o‘rtacha oylik daromad miqdoriga nisbati orqali aniqlanadi.

Daromadlarni hisoblashda quyidagilar hisobga olinadi:

  • ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • pensiya miqdori to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • jamg‘arib boriladigan pensiya badallari to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • bank hisobvaraqlariga tushgan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • to‘langan soliqlar to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • foizlar, dividentlar, mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • oxirgi 6 oy davomida olingan doimiy tarzdagi daromadlarini aks ettiruvchi ma’lumotlar.

To‘lovlarni hisoblashda esa quyidagilar inobatga olinadi:

  • kredit (mikroqarz)ning to‘liq qiymati;
  • foizlar;
  • shartnoma tuzish vaqtida ma’lum bo‘lgan boshqa to‘lovlar.

Qarz oluvchilar qarz oluvchining o‘zi, birgalikda qarz oluvchi va kafil hisoblanadi. Shuningdek, kredit muddati 36 oydan oshganda, o‘rtacha oylik to‘lovlar miqdori hisob-kitobida 36 oyga teng taqsimlanadi (ipoteka kreditlarida 120 oy).

Regulyator kreditning garovga nisbati (LTV) bo‘yicha ham talablar joriy etmoqda. Bu miqdor jismoniy shaxslar ipoteka kreditlari uchun 80 foizni, jismoniy shaxslar avtokreditlari uchun esa 75 foizni tashkil etadi. Bu yerda ham banklar o‘z kreditlarining 85 foizini LTV`ni inobatga olib, qolgan 15 foizini esa buni inobatga olmasdan, o‘zining risk appetitidan kelib chiqib ajratishi mumkin bo‘ladi.

марказий bank, qarz yuki