3-yanvar kuni prezidentning [PF-1-sonli] “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini isloh etish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, 2024-yil 1-maydan:

  • sud hujjatlari asosida ijro hujjatlarini elektron shaklda berish (yuborish, taqdim etish) tartibi joriy etiladi;
  • fuqarolardan qarzdorliklari uchun undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan eng kam kafolatlangan daromad belgilanadi;
  • ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta xarajatlari bo‘yicha qarzdorlikni undirishga ham tatbiq etiladi.

2024-yil 1-dekabrdan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etiladi.

2024-yil 1-apreldan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijrosi doirasida mol-mulkni shartnoma-vositachilik asoslarida sotish faqatgina mol-mulkni qabul qilishdan uni sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni masofaviy monitoring qilish elektron tizimini joriy qilgan savdo tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.

2024-yil 1-martgacha ijro hujjatlari bo‘yicha xatlangan mol-mulkni shartnoma-vositachilik shartlari asosida realizatsiya qilish tartibi ishlab chiqiladi.

Majburiy ijro byurosiga asosiy faoliyati voyaga yetmaganlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qo‘shimcha 230 ta davlat ijrochisi shtat birligi ajratiladi.

Markaziy apparatning tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi tarkibida Monitoring markazi tashkil etiladi.

Markaziy apparatda Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish bo‘limi, Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida Aktivlarning hisobini yuritish va boshqarish sho‘’basi tashkil etiladi.