27-dekabr kuni soat 11:20 atrofida Toshkent — Buxoro yo‘nalishida “Afrosiyob” elektropoyezdi yo‘l sozlovchini bosib ketdi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Juma-Kattaqo‘rg‘on temir yo‘l bekatlar oralig‘ida ish rahbari, yo‘l ustasi v.b. Sh. Meyliyev boshchiligidagi 9 nafar yo‘l sozlovchi ta’mirlash ishlarini olib borgan.

Biroq yo‘lning 3750 kilometrida temir yo‘l izi ichidan brigada oldiga qaytayotgan (temir yo‘l izlari chetidan qaytmasdan) yo‘l sozlovchi M.Shodiyorov yo‘l brigadiri v.b. M.Aliqulovning ogohlantirish ishoralariga e’tibor bermagan va elektropoyezd signalini eshitmagan.

Oqibatda Toshkent — Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanib kelayotgan 770-sonli “Afrosiyob” elektropoyezdi yo‘l sozlovchi M.Shodiyorovni urib ketgan va u voqea joyida vafot etadi.

Voqea tafsilotlari o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.