28-dekabr kuni huquq-tartibot idoralari tomonidan “O‘zenergoinspeksiya”ning Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Tashkilot mansabdori S.A. “I.G.A.S.” MCHJga qarashli AYOQSHda o‘tkazilgan tekshirish yakuni bo‘yicha uning faoliyatini tiklab berish, “B.A.Y.Q.” MCHJga qarashli AYOQSHga faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish hamda 2024-yilda tekshirish e’lon qilinganda unga oldindan xabar berishni va’da qilgan.

Evaziga 100 ming dollar talab qilib, Buxoro shahar tug‘ruq kompleksi yonida kimyoviy ishlov berilgan 50 ming dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ushlangan, deyiladi xabarda.

Holat bo‘yicha S.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibida ushlangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.