21-dekabr prezidentning [PF-208-sonli] “Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Farmonga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bo‘ysunuvi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Vazirlar Mahkamasiga o‘tkazildi.

Qo‘mita faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasida bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etildi.

Shuningdek, Qo‘mita raisi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi lavozimi;
  • viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari o‘rinbosarlari — viloyatlar va Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlari lavozimi;
  • tuman (shahar) hokimlarining o‘rinbosarlari — tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari lavozimi kiritildi.

Oila va xotin-qizlar ilmiy-tadqiqot instituti negizida Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi.