14-dekabr kuni Hukumatning [660-sonli] qarori bilan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Nizomga ko‘ra, davlat mulkini ijaraga berish jarayoni har qanday jismoniy va yuridik shaxs (tashabbus ko‘rsatuvchi) tashabbusi asosida boshlanishi mumkin.

Bunda tashabbus ko‘rsatuvchi bevosita Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga yoki uning hududiy boshqarmalariga (ijaraga beruvchiga):

  • davlat mulkining tavsifi va joylashgan joyini;
  • balansda saqlovchini (bunday ma’lumotlarga ega bo‘lgan taqdirda) ko‘rsatgan holda taklifini yozma yoki elektron taqdim etadi.

Takliflar shu kunning o‘zida ko‘rib chiqish uchun ijaraga beruvchiga yuboriladi.

Shunga ko‘ra, ijaraga beruvchi 2 kun muddatda balansda saqlovchiga davlat mulkini ijaraga berish bo‘yicha munosabat bildirish yuzasidan so‘rov yuboradi.

Ijaraga beruvchi balansda saqlovchining arizasi kelib tushgandan 2 kunda davlat mulkini “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali onlayn-auksion savdosiga chiqaradi.

Ijaraga oluvchi tomonidan ijtimoiy soha obyekti tarkibidagi yerda:

  • binolar va inshootlar, jumladan, yer osti inshootlarini qurish (yengil konstruksiyali inshootlar bundan mustasno);
  • ko‘ngilochar obyektlar faoliyatini tashkil etish (madaniyat obyektlarining yer uchastkalari bundan mustasno) taqiqlanadi.

Davlat mulki ijarasining eng ko‘p muddati:

  • bir ijara shartnomasi doirasida 6 yil;
  • nodavlat professional ta’lim tashkilotlari hamda kichik tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun 10 yil etib belgilanadi.

Davlat mulki obyektlari ijaraga berish uchun auksionga chiqarilganda, ijaraga berish muddati 3 yil etib belgilanadi.

Ko‘chmas mulk 1 yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga berilganda, ijara shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.

Avtomototransportlar savdo platformasi vositasida onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda, ijara shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi.

Ijaraga berilayotgan mulklarni hisobga olish va ma’lumotlar bazasini yuritish ijaraga beruvchi tomonidan online-ijara.uz axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.