13-dekabr kuni Qonunchilik palatasining Hukumat soatida quyi palata spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov yo‘llardagi tirbandliklarni kamaytirish va jamoat transportini ommaviylashtirish uchun xususiy transportlar maqomini belgilash kerakligi haqida gapirdi.

“Bugun biz jamoat transporti muammosini hal qilish borasida juda ko‘p bosh qotiryapmiz va katta ishlar qilinyapti. Biz jamoat transporti uchun qancha harakat qilishimizdan qat’iy nazar, xususiy transport masalasidagi maqomni hal qila olmasak, ko‘zlagan maqsadimizga yetolmaymiz. Xususiy transportlar O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil ichida besh barobar ko‘payganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu katta tahdidga aylanishni boshlaydi”, — dedi Qodirov.

“Biz hali Jahon savdo tashkiloti protokoliga uyg‘unlashishni boshlaganimiz yo‘q. Ertaga tashkilotga kirgandan keyin mashinalar[ni sotib olish] yana ham imkoniyatli bo‘ladi va O‘zbekistonda bugungi tirbandlik masalasi iqtisodiyot, umuman, jamoatchilikni katta bir muammosiga aylanadi. [Bu] hozir ham muammo”, — dedi spiker o‘rinbosari.

Alisher Qodirov bu borada Xitoy va Singapurni misol qilib keltirdi.

“Masalan, Xitoyning tajribasini olib qaraydigan bo‘lsak, u yerda avtomobil sotib olish qiyin emas, chunki JSTning talablari bor. Lekin, avtomobilga xizmat ko‘rsatish va undan foydalanish bilan bog‘liq xizmatlar juda ham qimmat. “Parkovka”si bo‘lsin, soliqlar joriy qilish yoki pulli yo‘llar orqali… Singapurda ham xuddi shunday. U yerda ham xususiy transportdan foydalanishni qimmat qilish hisobiga tirbandlik masalasini hal qilingan”, — dedi Qodirov.

Uning ta’kidlashicha, bu masalaga Transportni rivojlantirish konsepsiyasida e’tibor qaratish kerak.

“Transport vazirimiz arzon, qulay hamda tartibli jamoat transportini ta’minlash bilan birgalikda xususiy transport masalasida, uning jozibadorligi masalasida jiddiy takliflar ishlab chiqish kerak. Xususiy transport hamma xohlagan vaqtida erisha oladigan masala bo‘lishi kerak emas. Biz bunga jamoat transporti qulayligi orqali erishamiz. Agar jamoat transportini qulay qilsangiz, odamlarga xususiy transportdan foydalanish jozibador bo‘lmay qoladi”, — dedi Alisher Qodirov.