12-dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tez tibbiy yordam haydovchisi chaqiriqqa borganida kaltaklandi, deb xabar bermoqda viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

Soat 17:10 da “Qahramon” MFYga qarashli Xo‘jaqo‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi 61 yoshli ayol qon bosimining ko‘tarilishi shikoyati bilan chaqiriq bergan. SSB 8 kilometrli masofaga tibbiy yordam brigadasi 14 daqiqada yetib borganini bildirdi.

Xonadonda bemorning o‘g‘li ekani taxmin qilinayotgan shaxs brigada haydovchisi bilan janjallashib, uning yuz qismiga jarohat yetkazgan. Janjal sababi keltirilmagan.

Hamshira avval bemorga, so‘ng haydovchiga birinchi yordam ko‘rsatgan. Avtomashinani chaqiriqdan ortiga qaytarish uchun boshqa haydovchi jalb etilgan.

Holat yuzasidan ichki ishlar idoralariga xabar berilgan bo‘lib, vaziyat boshqarma nazoratiga olingan, deyiladi xabarda.