O‘zbekistonda grippning A turi (H3N2) — Gonkong virusi bilan kasallanish holati qayd etildi. Bu haqda 13-dekabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Grippning bu turi qo‘mitaning hududiy laboratoriyalari tomonidan bemorlardan olingan laborator tahlil natijalariga ko‘ra aniqlangan.

“Biz virusning bu shtammi bilan tanishmiz. O‘zbekistonda grippning ushbu shtammidan kasallanganlarni himoya qilish uchun 2,2 million doza vaksina ishlatildi. Epidemiya mavsumi boshlanishidan avval o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, „Sahovat“ va „Mehribonlik uyi“ tarbiyalanuvchilari va xodimlari hamda bolalarning xavf osti guruhiga mansub qatlamini emladik”, — dedi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon O‘zbekistonda “cho‘chqa grippi” deb nomlanuvchi H1N1 virusini yuqtirishning 4 ta holati aniqlangan.

“Ko‘pchilik „vaziyatni nazorat qila olmayapmiz“, „vaziyat nazoratdan chiqib ketdi“ deb o‘ylaydi. Lekin biz laboratoriyalarda monitoring tekshiruvlari orqali buni kuzatib boramiz. Bizda yil boshidan beri 4 ta holatda grippning H1N1 shtammi aniqlanganiga guvoh bo‘ldik… Shu bilan birga, biz bemorlarning bokavirus, rinovirus, reuvirus yoki respirator sinsitial virus bilan kasallangani haqida eshitmaymiz. Lekin biz laboratoriyalarda virusning qaysi shtammi mintaqamizda aylanayotgani bilish uchun shu jihatlarni ham nazorat qilib boramiz”, — dedi u.

Nurmat Otabekov so‘ngi haftada respublika aholisi o‘rtasida O‘RVI bilan kasallanish o‘tgan haftaga nisbatan 25,5 foizga, Toshkent shahrida 25,4 foizga kamayganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, O‘RVI kasalligi ko‘rsatkichlarida epidemik bo‘sag‘adan (epidemik parog) 34,3 foizga pastligi kuzatilmoqda.

“Bolalarning o‘tkir respirator infeksiya bilan kasallanish yoshma-yosh tahlil qilinganida: kasallanishni eng yuqori ko‘rsatkichi 0−1 yoshdagi bolalar o‘rtasida ro‘yxatga olingan bo‘lib, intensiv ko‘rsatkich shu yoshdagi 100 ming bola soniga nisbatan 368.3 ni tashkil etmoqda. Bunga O‘RVI bilan kasallangan bemorlarni alohidalamaslik, bemor bolalarni ta’lim muassasalariga yuborish hamda shifokor bilan maslahatlashmasdan o‘zboshimchalik bilan davolanish asosiy sabablar bo‘lmoqda”, — dedi u.

Gripp va o‘tkir respirator infeksiyalar bilan og‘rigan bemorlarni davolash maqsadida respublika bo‘yicha 8838 nafar bemor o‘rinlari yaratilgan bo‘lib, ularda 6000 nafar bemor davolanmoqda.

Gonkong grippi haqida

Gonkong grippidan birinchi kasallanish holati 1968-yil o‘rtalarida Gonkongda qayd etilgan. Juda tez tarqalish jihati bilan ajralib turadigan virus 4 milliongacha odamning o‘limiga olib kelgan pandemiyaga sabab bo‘lgan.

Grippning bu turi ushbu kasallik uchun xos bo‘lgan klassik belgilar bilan yuzaga keladi. Ular odatdagi gripp virusi keltirib chiqaradigan xarakterli alomatlardan farq qilmaydi:

  • tanadagi og‘riqlar;
  • umumiy zaiflik va uyquchanlik;
  • bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi;
  • mushak og‘rig‘i;
  • yuqori harorat (ko‘pincha 39 darajadan yuqori);
  • ko‘ngil aynishi va diareya;
  • og‘riq, ko‘z yoshi va og‘riq;
  • tomoq og‘rig‘i va quruq yo‘tal.

Gonkong grippi pnevmoniya, miokardit, ensefalit va meningit kabilarni keltirib chiqarishi, shuningdek surunkali yurak kasalliklari, astma, diabet va boshqalarni kuchaytirishi mumkin.