2022-yil 11-noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida O‘zbekiston prezidentining tashabbusi bilan 2023-yil “Turkiy sivilizatsiyaning yuksalish yili” deb e’lon qilingan. Shuningdek, 2023-yil uchun O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotida raisligi konsepsiyasi va tadbirlar jadvali qabul qilingan bo‘lib, unga muvofiq “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiyani o‘tkazish belgilangan edi.

Shu munosabat bilan, 5−6-dekabr kunlari Turkiy davlatlar geografik kengashi, Turkiy davlatlar tashkiloti va O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamkorligida “Turkiy xalqlar tarixida Turkistonning o‘rni” mavzusida Imom al-Buxoriyning “Ilmdan boshqa najot yo‘q” shiori ostida xalqaro konferensiya tashkil etildi.

Tashkil etilgan Xalqaro konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad — turkiy xalqlarning ming yillar avval shakllangan tarixini yanada chuqurroq o‘rganish, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, geografik o‘tmishini talqin qilish, milliy-madaniy o‘zligiga tayanib mushtarak tarixini yozish, birlik va qardoshlik g‘oyasiga xizmat qiladigan manbalarni yaratish va kelajak avlod uchun yetkazib berishdan iborat.

Konferensiyada Turkiya, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti va ekspert hamjamiyatlarining qirqdan ziyod vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Tadbirda Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi — iqtisod fanlari falsafa doktori Oybek Norinbayev ishtirok etib konferensiyani ochib berdi. Oybek Norinbayev o‘z nutqilarida 2023-yil 3-noyabrda Turkiy davlatlar tashkilotning Ostona sammiti “Turkiy davr” shiori ostida o‘tkazilishi Samarqand sammitining o‘ziga xos mantiqiy davomi bo‘lganligini, sammitda O‘zbekiston prezidentining o‘z nutqida buyuk ajdod — qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla — yanada yuksalgaysan!” da’vati bilan boshlaganligi ham bejiz emasligini ta’kidlab o‘tildi

Sammit davomida qabul qilingan Ostona deklaratsiyasida davlat rahbarlari turkiy davlatchilik va tarix, turkiy xalqlarning boy madaniy merosini tarannum etishga qaratilgan konferensiya va forumlar o‘tkazilishini olqishlaganlari alohida tahsinga sazovordir. Shu ma’noda, tadbir turkiy xalqlarning mushtarak tarixini o‘zaro anglash, milliy-madaniy o‘zlik asosida birlik va qardoshlik g‘oyasiga xizmat qiladigan obyektiv manbalarni aniqlash va tadqiq qilish hamda ularni kelajak avlod uchun yetkazib berishga xizmat qiladi. Shuningdek, mazkur konferensiya yoshlarga ota-bobolar tarixda buyuk davlatlar barpo etganliklarini xotirlatish orqali ularda iftixor tuyg‘usini kuchaytirishga turtki bo‘ladi. Qolaversa, turkiy davlatlardan yetuk olimlarni o‘zida mujassam etgan bu kabi platformalar mutaxassislar va tarixchilar o‘rtasida o‘zaro tanishish, ma’lumot va tajriba almashish hamda istiqbolda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shma loyihalar haqida kelishib olish imkonini berishini ta’kidlab o‘tdi.

Ushbu yuksak maqsadlarga mos ravishda 2023-yilda yana bir muhim qadam tashlandi: O‘zbekiston geografiya jamiyati tashabbusi bilan Turkiy davlatlar geografiya kengashi tashkil etilgani, Mazkur kengashning maqsad va vazifalari ham umumiy makon hisoblangan ushbu xdudlarda o‘zaro qardoshlik, hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida xalqlar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni kengaytirish, ilm-fanni yoshlar orasida ommalashtirish hamda umumiy tarixning muqqaddas qadamjolari va obyektlariga xalqlarni, ayniqsa yoshlarni, jalb qilgan holda geografiya va geoturizm sohalarini rivojlantirishini ekanligini aytib o‘tildi.

Shu bilan birga, 2024-yil fevral-mart oylarida Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikda Qoraxoniylarga bag‘ishlangan konferensiya tashkil qilish rejalashtirilayotganini hamda barcha qatnashchilarni ushbu konferensiyada ham faol ishtirok etishga taklif qilib o‘z so‘zlarini yakunladi.

Xalqaro konferensiyaning amaliy natijasi sifatida ma’ruzachi olimlarning va ishtirokchilarning ilmiy maqolalari alohida to‘plam shaklida nashr etilishi kelishib olindi.

Shu bilan bir qatorda konferensiya doirasida Turkiy davlatlar geografiya kengashi, O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Turkiy davltalar kotibiyati hamda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti bilan hamkorlikda, Turkiy davlatlarning bir qator olimlari ishtirokida “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqishni va “Tabarruk ziyorati” mavzusiga bag‘ishlangan “Davra suhbati” tashkil etildi.

Mazkur davra suhbati ham 2023-yil Ostona sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan “Turkiy dunyo xartiyasi” loyihasini tayyorlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida o‘tkazildi.

Ushbu yig‘ilishda ham Turkiy davlatlar geografik kengashi bosh kotibi — iqtisod fanlari falsafa doktori Oybek Norinbayev kirish so‘zi bilan ochib berib ishtirokchilarni taklif va tajribalari bilan o‘rtoqlashishlarini so‘radilar.

Prezidentning “Turkiy dunyo xartiyasi”ni o‘ziga xos ramziy qomusini sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlanishi alohida ta’kidlaganliklarini davra suxbatining diqqat e’tiborida bo‘lib, amaliy takliflar ishlab chiqilishiga kelishib olindi.

Shu bilan bir qatorda Turkiy davlatlar geografiya kengashi Turkiy davlatlar tashkiloti va O‘zbekistonning tegishli idoralari bilan hamkorlikda “Tabarruk ziyorat” loyihasi bo‘yicha O‘zbekistonda joylashgan muqaddas maskanlarning elektron xaritasini tuzish ishlarida o‘z takliflari bilan ishtirok etishini bildirib o‘tdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston geografiya jamiyati a’zosi O‘zbekiston milliy universiteti Kartografiya kafedrasi tayanch doktoranti Sunnat Uvrayimovning “Islom madaniy meros obyektlarining interaktiv veb-xaritalarni yaratish masalalari” O‘zbekiston misolida ma’ruza qilib berdi.

Interaktiv veb-xarita test rejimida ishga tushirilgan bo‘lib undan foydalanish va uning interfeys ko‘rinishi davra suhbati ishtirokchilariga tanishtirildi. Bu dasturga esa o‘z navbatida qardosh davlatlar olimlari tomonidan iliq fikrlar bildirilib, uni yanada birgalikda takomillashtirish yuzasidan takliflar berildi.

Bo‘lib o‘tgan tadbirlar turkiy xalqlarning mushtarak tarixini o‘zaro anglash, milliy-madaniy o‘zlik asosida birlik va qardoshlik g‘oyasiga xizmat qiladigan obyektiv manbalarni aniqlash va tadqiq qilish, tegishli takliflar ishlab chiqish hamda ularni kelajak avlod uchun yetkazib berishga xizmat qiladi.

Reklama huquqlari asosida.