Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyani ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu turdagi operatsiya Jahon bankining dunyoning turli mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus moliyaviy vositasi hisoblanadi. Operatsiya doirasida mamlakat hukumatiga ijtimoiy, iqtisodiy va iqlim o‘zgarishi sohalaridagi islohotlarning yangi bosqichini amalga oshirish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Mazkur islohotlardan ko‘zlangan maqsad mamlakatning bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirish, fuqarolarga teng iqtisodiy imkoniyatlarni ta’minlash va milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratishdan iborat.

Bankning qayd etishicha, O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishda sezilarli yutuqlarga erishilganiga qaramay, bu jarayonni tezroq yakunlash va amaldagi iqtisodiy modelni yanada ekologik toza va adolatli modelga aylantirish zarurati mavjud. Ushbu chora-tadbirlar mamlakatga ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qator maqsadlarga erishishga yordam beradi.

Hukumat 2026-yilgacha kambag‘allik darajasini ikki baravar qisqartirishni va 2030-yilga kelib mamlakat daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan iqtisodiyotlar qatoriga qo‘shilishini ta’minlashni maqsad qilgan. Ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy o‘sish jarayonini jadallashtirish lozim. Bunga davlatning iqtisodiyot ustidan nazoratini kamaytirish va xususiy sektorni iqtisodiy rivojlanishning asosiy kuchiga aylantirish orqali erishish mumkin.

“Jahon bankining yangi operatsiyasi hukumat kun tartibidagi asosiy ustuvor vazifalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, kimyo sanoati va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat nazoratini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ko‘riladigan chora-tadbirlar xususiy sektorning ushbu tarmoqlarni rivojlantirishda yanada faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi. Shuningdek, ushbu operatsiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga hamda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga yordam beradi”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

Operatsiya doirasida Jahon banki hukumatga maxsus imtiyozli shartlar asosida 800 million AQSh dollari miqdorida kreditlar shaklida moliyaviy yordam beradi. Ushbu mablag‘lar hukumatga xalqaro moliya bozorlarida hozirgi kunda mavjud bo‘lgan qarz olish imkoniyatlariga nisbatan pastroq foiz stavkasida va uzoqroq muddatga taqdim etiladi. Natijada O‘zbekiston uchun kredit mablag‘larini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar sezilarli darajada kamayadi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga muhim moliyaviy resurslarni tejash imkonini beradi, tejalgan mablag‘lardan ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni amalga oshirish uchun foydalanish mumkin.

“Hukumat O‘zbekistonni yanada ochiq va raqobatbardosh bozor iqtisodiyotiga aylantiruvchi islohotlar dasturiga qat’iy sodiqligini bildiradi. Jahon banki ushbu maqsadga erishishda zarur ekspertiza, xalqaro tajriba va moliyalashtirish orqali mamlakatni qo‘llab-quvvatlamoqda”, — dedi O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Jasur Qarshiboyev.

Jahon banki tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy resurslar iqtisodiyotning bir qator muhim tarmoqlarida islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan, jumladan:

  • Energetika. Energetika bozorining mustaqil regulyatorini yaratish va energiya tariflarini isloh qilish. Mazkur chora-tadbirlardan maqsad tarmoq faoliyatini yaxshilash, energiya samaradorligini oshirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatni rag‘batlantirish va xususiy sektorning sohada keng ishtirokini ta’minlashdan iborat.
  • Temir yo‘l sohasi. Yo‘lovchi va yuk tashish narxlarini shakllantirish tizimini modernizatsiya qilish, shuningdek, raqobatni rag‘batlantirish va sohaning institutsional mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida temir yo‘l sohasini isloh qilish.
  • Kimyo sanoati. Kimyo sanoatida institutsional islohotlarni amalga oshirish uchun zamin yaratish va yirik davlat kimyo korxonasi — “Farg‘onaazot” AJni xususiylashtirish. Ushbu choratadbirlardan maqsad sanoatni liberallashtirish, uni modernizatsiya qilishga xususiy investitsiyalarni jalb etish, kimyo sanoatida samaradorlik va raqobatni oshirishdan iborat.
  • Qishloq xo‘jaligi. Hosildorlikni oshirish va ekinlarni diversifikatsiya qilish uchun ularni ekish tartibini liberallashtirish hamda fermerlarga iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishda yordam berish.
  • Davlatning fiskal majburiyatlarini boshqarish. O‘zbekiston Iqtisodiyot va Moliya vazirligining davlat-xususiy sheriklik (DXSH) loyihalaridan kelib chiqadigan fiskal majburiyatlarni boshqarish va tartibga solish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish.
  • Ijtimoiy himoya. Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va turlarini kengaytirish, shuningdek, ularning sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligini tashkil etish.
  • Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish. Oiladagi (maishiy) zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish va ayollarni jismoniy, jinsiy, iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
  • Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul yuridik yordam ko‘rsatish. Adliya tizimidan teng foydalanishni ta’minlash maqsadida ma’muriy, fuqarolik va jinoiy ishlar bo‘yicha kam ta’minlangan shaxslarga davlat tomonidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish.
  • Iqlim o‘zgarishiga moslashish va atrof-muhitni muhofaza qilish. Keng ko‘lamli iqlim va ekologik davlat dasturlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining salohiyati va vakolatlarini kuchaytirish, shuningdek, havo sifatini nazorat qilish mexanizmlarini takomillashtirish.
  • “Yashil” iqtisodiyotga o‘tish. Milliy “yashil” taksonomiyani — “yashil” (ekologik toza) faoliyat va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga investitsiyalarni tasniflash tizimlari — ishlab chiqish. Ushbu tashabbusdan maqsad iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning iqtisodiyot uchun oqibatlarini yumshatish maqsadida zarur choralarni ko‘rish, atmosferaga chiqindilarning oldini olish mexanizmlarini takomillashtirish va “yashil” loyihalarga investitsiyalarni jalb qilishdir.