Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi 29-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda kafe mudiri va uning xodimini “jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik” uchun ma’muriy javobgarlikka tortdi. “Gazeta.uz” sud qarori bilan tanishdi.

Jurnalist Inobat Ahatova 18-noyabr kuni do‘stlari bilan kechki payt “Anhor” bog‘i yaqinidagi kafega kirib, turk choyi ichib, shirinlik iste’mol qila olmagi haqida post joyladi. Uning yozishicha, muassasa xodimi ichki tartib-qoidalarga tayanib, soat 22:30 dan keyin ayollar kiritilmasligini aytgan.

Bu erkaklar va ayollarning teng huquqliligi tamoyillarining buzilishi va jinsi bo‘yicha kamsitilish bo‘lgani uchun u bu haqda prezident portaliga yozgan va ichki ishlar organlariga murojaat yo‘llagan.

29-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Sahil Street Food (Sahil Truck) kafesi rahbari T.Z. o‘z aybiga iqror bo‘lib, kafeda maxsus parda bilan o‘ralgan chodirlar borligini, shu sababdan ba’zi erkaklar va ayollar chodir ichida “turli behayo harakatlar” sodir etishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababdan ayollar tashrifini soat 22:30 dan keyin cheklashga qaror qilingan.

Erkak qilgan ishidan pushaymonligini aytdi. U allaqachon videomurojaat qilib, uzr so‘ragan. Uning xodimi ham xuddi shunday ko‘rsatma berdi va o‘z aybini tan oldi.

Sudya A.Mirzaxonov huquqbuzarlarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189−2-moddasi bilan javobgarlikka tortdi. Ularning har biriga moddada nazarda tutilgan eng ko‘p jarima — BHMning 20 barobari (6,6 million so‘m) miqdorida jarima solindi.

Inobat Ahatovaning aytishicha, ushbu post e’lon qilinganidan keyin uning postida “ko‘p negativ va nafrat” bilan javob berilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aksariyat erkaklar tadbirkorning harakatini oqlagan va qo‘llab-quvvatlagan, ba’zilari ayollarga kechqurun uyda qolishni tavsiya qilgan.

“Men Konstitutsiyada erkak va ayol tengligi mustahkamlangan, jinsiy kamsitish taqiqlangan huquqiy demokratik mamlakatda yashayman… Xullas, ish tugadi, sud aybdorlarni jarimaga tortdi. Tomonlar hukmga roziligini bildirdi. Umid qilaman bu keys boshqalarga ham saboq bo‘ladi, diskriminatsiyadan qaytaradi”, — deb yozdi u.

Qayd etilishicha, bu O‘zbekistonda jins diskriminatsiyasiga oid yangi modda bilan bog‘liq birinchi sud ishidir.

O‘zbekiston prezidenti 31-oktabr kuni davlatning dunyoviyligini mustahkamlovchi Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonun bilan jins diskriminatsiyasini targ‘ib qilganlik uchun jazolash, shu jumladan, ayollar va erkaklar tengligini ochiqdan-ochiq inkor etish, bunday mazmundagi qarashlar, g‘oyalar yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek, bunday harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) rag‘batlantirish uchun javobgarlik belgilandi.