Toshkent shahri sudida birinchi instansiyada ko‘rilayotgan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishiga aloqador yangi shaxslar tergov organi tomonidan ayblangani sababli va boshqa asoslarga ko‘ra ishni ko‘rish 1 oylik muddatga to‘xtatildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi xabar berdi.

Unga ko‘ra, sud tomonidan 1-dekabr kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 416- (Sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish uchun asoslar aniqlanganda sudning harakatlari) va 417- (Jinoiy javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganda sudning harakatlari) moddalari tartibida ajrim chiqarilgan.

“Jinoyat ishiga tegishli ayrim hujjatlar ayblovni to‘ldirish va boshqa shaxslarni ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish bilan bog‘liq qo‘shimcha protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organiga yuborildi”, — deyiladi bayonotda.

“Gazeta.uz” sud ishtirokchilarining ko‘rsatmalarini yoritib bormoqda, bu bo‘yicha turkum materiallar bilan quyidagi “O‘xshash xabarlar” bo‘limida tanishish mumkin.