29-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar, shu jumladan 5−7-oktabr kunlaridagi Rossiya Federatsiyasiga oliy darajali tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqilgan.

Yetakchilar O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib, ko‘p qirrali hamkorlik kengayib borayotganini qayd etgan.

“O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’ati saqlanmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, hududlararo aloqalar rivojlanmoqda. Kuni kecha Jizzax viloyatida birgalikda tashkil etilgan yirik agrologistika majmuasi ishga tushirildi”, — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari madaniy-gumanitar almashinuv faol kechayotgani hamda sog‘liqni saqlash sohasida dasturlar amalga oshirilayotganini ham olqishlagan.