Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida 14 yoshli qiz 7 oy davomida majburan saqlanib, turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlab kelingani aytilmoqda. Bu bo‘yicha 24-noyabr kuni bolalar ombudsmaniga murojaat kelib tushgan.

Xabar qilinishicha, ombudsmanga viloyatning Kitob tumanida yashovchi voyaga yetmagan (2009 y.t.) Ch.T. murojaat qilgan. Unda bu qiz 2023-yilning may oyidan 15-noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A. (ayol)ning uyida zo‘rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangani haqida so‘z borgan.

Bolalar ombudsmani bu holat to‘g‘risida Bosh prokuraturaga murojaat qildi.

“Viloyat prokuraturasi 24-noyabr kuni hodisani o‘rganishni boshladi. Kitob tumani prokurori tomonidan fuqaro N.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi „a“ bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov guruhi tuzildi va tezkor ravishda tergov harakatlariga kirishildi”, — deyiladi Oliy Majlisning bola huquqlari bo‘yicha vakili xabarida.

Jinoyat ishi Bosh prokuratura va bolalar ombudsmanining alohida nazoratida ekani ta’kidlandi.

“Bolalarga nisbatan bunday mudhish jinoyatni sodir etgan har qanday shaxs qonun oldida javob berishi shart. Bu og‘ir jinoyatning qurboni bo‘lgan bolaning manfaatlari to‘liq ravishda ta’minlanadi”, deya qo‘shimcha qilinadi bayonotda.

Jinoyat kodeksining yuqorida keltirilgan moddasi bilan aybdor deb topilgan shaxslar 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.