Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 7-son klinik shifoxonasida fuqaro shifokorga qarata stul otgani videosi tarqaldi. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirigi ma’lumot berdi.

Aniqlanishicha, holat 6-noyabr kuni soat chamasi 16:00 lar atrofida 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro S.A. qabulxonaning yuz-jag‘ jarrohligi xonasiga yutinishdagi og‘riqlar, chaynashning qiyinligi, ikkala tomon jag‘ osti sohasidagi shish va tana haroratining ko‘tarilishi shikoyatlari bilan murojaat qilgan. Bu paytda shifokor D.Muhitdinova navbatchilikda bo‘lgan.

Fuqaro shifokor tomonidan ko‘rilganda burun-halqum va bodomsimon bezlar giperemiyalashishi kattalashgani, giperemiya butun og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatiga tarqalgani, ikki tomonlama jag‘ osti va bo‘yin limfa tugunlari simmetrik kattalashgani hamda tana harorati 37,5 darajadan yuqori ekanligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, shifokor tomonidan bemor virus etiologiyali rinofaringit yoki infeksion mononukleozga gumon qilinib, virusolog-mutaxassis ko‘rigiga yuborilgan. Bundan esa u va yaqinlari norozi bo‘lib, shifokorga o‘ta qo‘pol munosabatda bo‘lgan va unga qarata stul otgan.

Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan. Uning natijalari yuzasidan batafsil ma’lumot berilishi qayd etilgan.