O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, suxandon O‘tkir Siddiqov 78 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati.

O‘tkir Siddiqov 1945-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik san’ati institutining drama va kino aktyorligi yo‘nalishini tugatgan. 1968-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblida ish boshlagan.

U boshlovchi sifatida 8 mingga yaqin konsert va tadbirda ishtirok etgan, 260 martadan ortiq turli shahar va mamlakatdagi safarlarda boshlovchilik qilgan.

O‘tkir Siddikov konsert dasturlarida Alisher Navoiy, Nodirabegim singari mumtoz adabiyot vakillarining she’r va g‘azallarini, Zulfiya, Xamid Olimjon, Uyg‘un, Turob To‘la, Shuhrat, Akmal Po‘lat, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Po‘lat Mo‘min, Jumaniyoz Jabborov, Muxammad Yusuf, Normurod Narzullayev, Bobur Bobomurod, Dmitriy Polinen, Farida Afruz va boshqa ko‘plab zamondosh shoirlar asarlaridan namunalarni ijro etgan.

1996-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist nomiga sazovor bo‘lgan, 2017-yilda esa “Shuhrat” medaliga loyiq ko‘rilgan.