O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchisi Jahongir G‘aniyev diplomatik missiyasi yakunlanishi munosabati bilan mamlakat tashqi ishlar vazirligining tashqi va global ishlar bo‘yicha davlat kotibi Anxeles Morena Bau bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ispaniya tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi o‘zbekistonlik diplomatga ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va ularga barqaror o‘suvchanlik bag‘ishlagani uchun minnatdorlik bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning yanada muvaffaqiyatli rivojlanishi va ilgari erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.

Ma’lumot o‘rnida, Jahongir G‘aniyev 2017-yildan buyon O‘zbekistonning Madriddagi elchixonasida faoliyat ko‘rsatib keladi. U dastlab Muvaqqat ishlar vakili, 2018-yilda favqulodda va muxtor elchi, Jahon sayyohlik tashkilotidagi (UNWTO) doimiy vakil bo‘lib ishlagan.

2020-yili o‘rindoshlik asosida Vatikandagi elchi etib tayinlangan, shuningdek, Xalqaro zaytun kengashidagi vakil etib tasdiqlangan.

2007−2012-yillarda Italiyadagi elchi va bir vaqtning o‘zida Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi (IFAD) va Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) huzurida doimiy vakil bo‘lgan.