Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida joylashgan Uzbekistan GTL zavodida ikkinchi bor o‘tkazilgan neft-gaz sohasidagi “Eng fidoyi ustoz” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Tanlov g‘oliblarini aniqlashda ko‘p bosqichli so‘rovnomalarga tayanildi. So‘rovnomada ishtirok etgan oliy ta’lim tashkilotlarining talabalari (5500 nafar), korxonaning kadrlar zaxirasi tarkibiga kiritilgan iqtidorli talabalar (133 nafar), hamda Uzbekistan GTL xodimlarining (qariyb 500 nafar) tanlovda g‘olib bo‘lish uchun munosib deb bilgan ustozlari to‘g‘risida bergan fikr-mulohazalari tahlil qilindi.

So‘rovnomada asosiy e’tibor ilmiy-pedagog xodimlarning kasbiy faoliyati hamda shaxsiy sifat va fazilatlarini aniqlashga qaratildi. So‘rovnoma respondentlaridan o‘z ustozlarining ta’lim berish uslubi, dars jarayonini samarali tashkil etish, talaba-o‘qituvchi munosabatlari, halollik prinsiplariga rioya qilinishi kabi jihatlar bo‘yicha fikr bildirishlari so‘raldi.

Bu yilgi tanlov doirasida, respondentlar tomonidan 383 nafar o‘qituvchilarning nomzodlari taklif etildi. Tanlov komissiyasi tomonidan mazkur nomzodlar to‘g‘risida to‘plangan ma’lumotlar atroflicha tahlil qilingan holda 13 nafar professor-o‘qituvchi tanlov g‘oliblari deb topildi.

Tanlovning “I darajali sovrini” sohiblari:

  • Axmedov Mirzaanvar Mohidjonovich — I.M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filialining “Neft, gaz va gaz-kondensat konlarini ishlatish” kafedrasi dotsenti;
  • Bo‘ronov Firdavsiy Eshbo‘riyevich — Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining “Neft va gaz” fakulteti, “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasi mudiri;
  • Avazov Yusuf Shodiyevich — I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish” kafedrasi professori;
  • Umirov Nurbek Norbutayevich — Qarshi davlat universitetining “Noorganik kimyo” kafedrasi katta o‘qituvchisi;
  • Sharipov Qaxramon Qandiyorovich — Buxoro muhandislik-texnologiya institutining “Neft va gaz ishi” kafedrasi mudiri.

Tanlovning “II darajali sovrini” sohiblari:

  • Xolmanov O‘tkir Uktam o‘g‘li — I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining “Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish” kafedrasi katta o‘qituvchisi.
  • Qodirov Xasan Irgashevich — Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Organik kimyo va og‘ir organik sintez texnologiyasi” kafedrasi mudiri;
  • Axmedova Ozoda Baxronovna — Buxoro muhandislik-texnologiya institutining “Neftni qayta ishlash texnologiyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi;
  • Azamatov O‘tkirbek Rashidovich — Toshkent kimyo-texnologiya institutining “Neft va gazni qayta ishlash kimyoviy texnologiyasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi;
  • Ne’matov Xusan Ibodullayevich — Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining “Neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi” kafedrasi mudiri.

Tanlovning “III darajali sovrini” sohiblari:

  • Tsukanov Maksim Nikolayevich — Buxoro muhandislik-texnologiya institutining “Neftni qayta ishlash texnologiyasi” kafedrasida assistent;
  • Abdurahimov Ilhom Eshboyevich — Qarshi muhandislik-iqtisodiyot insituti “Texnologik mashina va jihozlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi;
  • Abduraximova Aziza Urazaliyevna — D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali dekani.

Tanlovning I, II va III darajali sovrindorlarining har biri mos ravishda 70 mln, 50 mln va 30 mln so‘m miqdorda moddiy rag‘batlantirish va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, to‘rt nafar ishtirokchi maxsus nominatsiya g‘olibiga aylandi va ularga ham qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.