O‘zbekistonda 2024/2025 o‘quv yilidan agrar sohadagi oliy ta’lim muassasalari qoshidagi akademik litseyning salohiyatli bitiruvchilarini suhbat asosida oliy ta’lim muassasasiga qabul qilish yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu bo‘yicha qishloq xo‘jaligi vazirining buyrug‘i loyihasi muhokamalar portaliga qo‘yildi.

Mazkur hujjat barcha fanlar bo‘yicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilarni agrar oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat o‘tkazish orqali to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari o‘qishga qabul qilish tartibini belgilaydi.

Talabgorning akademik litseydagi umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi reyting natijalari bo‘yicha 86 va undan yuqori foizni tashkil qilishi (5 baholik tizimda faqat a’lo baho bo‘lishi) kerak.

Oliy ta’lim muassasasi bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish suhbat natijalariga ko‘ra reyting tizimi bo‘yicha to‘plangan ballar asosida amalga oshiriladi.

Hujjat topshirish tartibi

Bu jarayon uchun maxsus komissiya har yili 10-iyundan kechikmasdan 9 nafar kishidan iborat tarkibda tuziladi. Komissiya tarkibiga Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Bilim va malakalarni baholash agentligi, oliy ta’lim muassasasi va akademik litsey xodimlari kiritiladi.

Bitiruvchilar har yili 20-iyundan kechikmasdan maxsus komissiyaga tavsiyanoma berishni so‘rab ariza bilan murojaat qiladi.

Yakka tartibdagi suhbat har yili 10−20-iyul kunlari o‘tkaziladi. Bitta abituriyent bilan suhbat 45 daqiqagacha davom etishi mumkin.

Suhbat natijalari 100 ballik tizimda baholanadi va hujjat topshirilgan OTM veb-saytida suhbat o‘tkazilgandan so‘ng keyingi ish kunida e’lon qilinadi.

OTM bakalavriatiga tavsiya etish to‘g‘risidagi qishloq xo‘jaligi vazirining buyrug‘ini qabul qilish 10-avgustdan kechiktirmasdan amalga oshiriladi.