Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi bo‘yicha qonunni imzoladi.

Adliya vazirligining qayd etishicha, ushbu hujjat bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.

O‘zgartirishga ko‘ra:

  • Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan, nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, shuningdek, bunday xatti-harakatlarni rag‘batlantirish esa BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (4 mln 950 ming so‘mdan 9 mln 900 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 4 mln 950 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bunda quyidagilar mustasno:

  • tibbiy ko‘rsatmaga asosan yoki yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh kiyimda bo‘lish;
  • mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq hollarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish;
  • sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish vaqtida ushbu tadbirlar ishtirokchilarining yuzini to‘sgan holda bo‘lish;
  • qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish.

Jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish, shu jumladan, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etish, ushbu mazmundagi qarashlarni, g‘oyalarni yoki chaqiriqlarni tarqatish, xuddi shuningdek bunday xatti-harakatlarni omma oldida oqlash va (yoki) rag‘batlantirish BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 300 ming so‘mdan 6 mln 600 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagilarni nazarda tutuvchi qonun sentabr oyida Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingandi.