Qonunchilik palatasi navbatdagi majlisida bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar qildi.

Amaldagi Saylov kodeksida ayollarning soni siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishi kerakligi belgilangan. 2019-yildagi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda deputatlik o‘rinlarining 32 foizini egallagan.

Qonun loyihasi bilan Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Ta’kidlanishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi ayollarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirishga, shuningdek ularning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.