Mudofaa vazirligi jamoasi Koreyada ilk bor o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Mazkur musobaqa davomida jangovar harakatlar reallikka yaqin bo‘lishi uchun shahar va tog‘ hududlarida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlarda tomonlar qarama-qarshi kuch sifatida jang olib borgan. Unda asosan, dunyoning yetakchi davlatlaridan saralangan jamoalar ishtirok etgan.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi “musobaqa mobaynida jasurlik, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoq, yuksak darajadagi kasbiy va ruhiy tayyorgarlik, shuningdek, shaxsiy tarkibning jipsligini” namoyon etgan.

NATO standartlariga asoslangan ushbu musobaqaning 12 ta jangida o‘zbekistonlik harbiylar 10 ta g‘alaba bilan birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Ikkinchi o‘rin esa AQSh hamda Koreya jamoalariga (to‘rttadan g‘alaba) nasib etgan.

28-oktabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida harbiylar tantanali ravishda kutib olingan.