Huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi 3 nafar fuqaroning Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizligi xabar qildi.

Aniqlanishicha, ular hozirda jangarilar safida bo‘lgan “Abu Saloh”, “Abu Valid” va “Ayub” laqabli shaxslarning internet tarmog‘ida yoshlarni terroristik guruhlarga qo‘shilishga chorlovchi da’vatlari ta’siriga tushgan hamda oila a’zolarining qarshiligiga qaramasdan Suriyaga ketishni maqsad qilgan.

Jumladan, fuqaro A.O‘. Telegram messenjerida “Abu Valid” bilan aloqada bo‘lib, uning ko‘rsatmasi bilan turli virtual kanal va guruhlar ochgan hamda targ‘ibot ishlarini olib borgan. Keyinroq, u mahalladoshi I.D. bilan til biriktirib, Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni reja qilishgan. O‘z navbatida, I.D. yaqin o‘rtog‘i G‘.L.ni ham o‘zlari bilan ketishga ko‘ndirgan.

Mazkur shaxslar boshqalarning e’tiborini tortmaslik maqsadida, xorijda migrantlarni ish bilan ta’minlovchi xususiy bandlik firmasi orqali Turkiya davlatiga borib, so‘ngra Suriyaga o‘tmoqchi bo‘lgan. Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.