DXX Toshkent viloyatida Soliq inspeksiyasi, Qoraqalpog‘istonda esa Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi xodimlarini pora olayotganda qo‘lga oldi.

Xususan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman Soliq inspeksiyasi katta inspektori hamda Yangiyo‘l shahar Soliq inspeksiyasi sho‘’ba boshlig‘i o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida aniqlangan soliq qarzdorligini uning foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.

DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Soliq inspeksiyasi katta inspektori so‘ralgan pul mablag‘idan 4500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” (tamagirlik yo‘li bilan, bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

DXX tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi xodimi qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan xususiy korxonada sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida vafot etgan 2 nafar ishchining shartnoma asosida qonuniy ishlagani haqida xulosa berish evaziga 10 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (tamagirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.