13-oktabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDHga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga davlatlararo mukofot — MDHning Faxriy nishoni topshirildi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Shavkat Mirziyoyevni “MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida jamiyat taraqqiyoti, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” tantanali ravishda taqdirladi, deb xabar qildi qo‘shni davlat prezidenti matbuot xizmati.

мдҳ, садир жапаров, фахрий нишон, шавкат мирзиёев

Sadir Japarov o‘z nutqida Shavkat Mirziyoyevning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Markaziy Osiyo va butun MDH mamlakatlari davlatlarining barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shgan hissasini e’tirof etdi.

“Ta’kidlashni istardimki, uning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli davlatlararo munosabatlarda hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasida mutlaqo yangi o‘zaro ishonch va konstruktiv hamkorlik muhiti yaratilib, o‘zaro manfaatli munosabatlarning o‘sishiga xizmat qiluvchi savdo hamda investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, transport va suv-energetika infratuzilmasi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qulay muhit shakllanmoqda”, — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Sadir Japarov, shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli Qirg‘iziston-O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonini yakunlash imkoni bo‘lganiga ham e’tibor qaratdi.

“Ushbu masalaning hal etilishi barcha sohalarda qirg‘iz-o‘zbek hamkorligiga ijobiy dinamika qo‘shib, ko‘p yillar davomida ochiq qolayotgan muammolarni hal qilishga turtki bo‘ldi”, — dedi u.

“O‘zbekiston keyingi yillarda MDH faoliyatidagi ishtirokiga qanday sifat jihatidan yangi dinamika qo‘shganini barchamiz ko‘rib turibmiz. O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan hamkorlikning muhim yo‘nalishlari qatorida transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish, normativ hujjatlar va standartlarni uyg‘unlashtirish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish va o‘zaro preferensiyalar berish borasidagi vazifalar izchil hal etilmoqda. MDH doirasida o‘zaro savdodagi to‘siqlarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar shular jumlasidan”, — dedi Sadir Japarov.

Nutqining so‘ngida Qirg‘iziston rahbari Shavkat Mirziyoyevga MDH mamlakatlari integratsiyasiga qo‘shgan hissasi, Hamdo‘stlik makonida ishbilarmonlik aloqalari va har tomonlama samarali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni doimo ilgari surayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

мдҳ, садир жапаров, фахрий нишон, шавкат мирзиёев

O‘z navbatida, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni mukofotlash tashabbusi uchun minnatdorlik bildirib, bu uning uchun nafaqat kutilmagan voqea, balki katta mas’uliyat ham ekanini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston mukofotni avans sifatida qabul qilib, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshirish niyatida” ekanini ta’kidladi.

“Menimcha, bu uzoq sayohatning boshlanishi. Hamdo‘stligimizning har bir mamlakati bilan butunlay boshqacha tarzda ishlash uchun hamma narsani qilamiz. Chunki bugungi mukofot va sizlarning ishonchingiz O‘zbekistonga, O‘zbekiston prezidentiga juda ko‘p mas’uliyat yuklaydi”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Davlat rahbari Qirg‘iziston, xususan, Sadir Japarov bilan ishonchli va yaxshi ikki tomonlama munosabatlar o‘rnatilganini ta’kidlab, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan 30 yil ichida boshqalar qila olmagan narsaga erishganini ta’kidladi.