9-oktabr kuni Xitoydan “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Afg‘oniston” multimodal transport koridori orqali Afg‘onistondagi Hayraton stansiyasiga avtomobil qismlari bilan 22 konteynerdan iborat navbatdagi poyezd keldi, deb xabar berdi “O‘zbekiston temiryo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.

Ilgari xuddi shu yo‘nalishda 42 ta konteyner xuddi shunday yuk bilan yetkazib berilgandi.

Marosimda qatnashgan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ vakillari Hirot viloyatida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida jabrlanganlar va ularning oilalariga yetkazilgan ko‘plab yo‘qotishlar yuzasidan hamdardlik bildirdi.

“O‘zbekiston tomoni ushbu qiyin paytlarda Afg‘oniston va uning xalqi bilan birdamlikda”, — dedi Xikmatulla Raxmetov.

2022-yil sentabr-dekabr oylarida Xitoydan Afg‘onistonga 22 ta, 2023-yil yanvar-sentabr oylarida 73 ta konteyner tashildi. Avgust oyidan boshlab hajmlar sezilarli darajada oshgan. Shu bilan birga, Xitoydan Afg‘onistonga konteynerlarni yetkazib berish muddati 20−25 kungacha qisqartirildi (Xitoy hududida — 13−18 kun, Qirg‘iziston — 4−5 kun, O‘zbekiston — 3−4 kun).