O‘zbekiston ilk bor 4,25 trln so‘m miqdoridagi yashil suveren xalqaro obligatsiyalar hamda 660 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalarni London fond birjasida joylashtirdi. So‘mda chiqarilgan suveren xalqaro obligatsiyalar MDH davlatlari ichida ilk “yashil” suveren obligatsiyalar hisoblanadi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Yashil obligatsiyalar bo‘yicha kelib tushadigan mablag‘lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temir yo‘l transporti va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta’minlash, shamol eroziyasiga va suv xo‘jaligi obyektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Bunday loyihalarni tanlab olish jarayoniga Birlashgan millatlar tashkilotining rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan. Yashil obligatsiyalar dasturi bo‘yicha “Sustainalytics” tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.

“O‘zbekistonning milliy valyutadagi „yashil“ obligatsiyalariga bo‘lgan yuqori talabni inobatga olib, 3 yillik so‘mdagi xalqaro obligatsiyalarning foiz stavkalarini (kupon to‘lovi) kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq bo‘lindi. Mazkur tranzaksiya bilan so‘ndirish muddati joriy yilning 23-noyabr kuni bo‘lgan 1,9 trln so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar muddatidan oldin so‘ndirildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Ichki moliya bozorlarida so‘nggi o‘tkazilgan auksionda (26-sentabr) 2 yillik davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foiz stavkalari 17,57 foizni tashkil qilgan.

Ikkilamchi bozor kotirovkalari hamda investorlar takliflaridan kelib chiqib, AQSh dollaridagi O‘zbekiston 5 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari uchun dastlabki foiz stavkasi 8,5 — 8,625 foiz oralig‘ida e’lon qilindi. Ikkilamchi bozorda O‘zbekistonning 2029-yilda so‘ndiriladigan xalqaro obligatsiyalari foiz stavkasi 8,1 foizga yetgan. Xususan, so‘nggi bir haftada (27-sentabr — 7,67 foiz) foiz stavkalari 0,43 foizga oshgan.

“Buyurtmalar kitobi 1,7 mlrd dollarga yetganda, foiz stavkalarni 8,25−8,375 foizga tushirishga erishildi”, — deya qayd etgan vazirlik.

Yakuniy talab 2 mlrd dollarga yetgach, 660 mln dollar miqdoridagi obligatsiyalar 8,125 foiz stavkada hamda 7,85 foiz kuponda chiqarildi. Mazkur kupon stavkasi moliyaviy maslahatchilar tomonidan tavsiya etilib, xalqaro obligatsiyalarni investorlarga 98,888 foiz narxda sotilishini anglatadi (ya’ni mazkur tranzaksiyadan 652,6 mln dollar mablag‘ kelib tushadi).

Vazirlik bugungi kunda jahon moliya bozorlarida foiz stavkalarining oshishi kuzatilayotganini qayd etgan. Xususan, 5 yillik AQSh G‘aznachilik obligatsiyalari foiz stavkalari 2021-yil iyul (so‘nggi marta suveren obligatsiyalar chiqarilgan davr) oyiga nisbatan qariyb 4 foizga oshib, 2021-yil iyul oyidagi 0,8 foizdan 4,7 foizga yetdi.

Jahon moliya bozorlaridan foiz stavkalarining oshishi, mos ravishda, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli foiz stavkalarining ham keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda. Xalqaro kredit bozorlarida ishlatiladigan SOFR (oldingi LIBOR) stavkasi 2021-yil iyul oyidan beri 0,17 foizdan qariyb 5,3 foizga oshib, bugungi kunda 5,5 foizga yetdi.

Shuning uchun, xalqaro moliya institutlari tomonidan jalb qilinayotgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha foiz stavkalar ham ikki yil ichida 1−2 foizdan bugungi kunga kelib 6,3−7,0 foizga yetgan. Joriy bozor sharoitlari sababli boshqa mamlakatlar ham oldingiga nisbatan yuqori foiz stavkalarida davlat qarzini jalb qilmoqda.

Misol uchun:

  • Turkiya joriy yil yanvar oyida 2,75 mlrd dollarga teng 10 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarini 9,75 foizdan;
  • Vengriya joriy yilning yanvar oyida 1,25 mlrd dollarga teng 30 yillik obligatsiyalarni 7,1 foizdan;
  • Ruminiya joriy yil yanvar oyida 1,25 mlrd dollarga teng 30 yillik obligatsiyalarni 7,67 foizdan;
  • Mo‘g‘uliston joriy yilning yanvar oyida 445 mln dollarga teng 5 yillik xalqaro obligatsiyalarni 8,65 foizdan;
  • Misr joriy yilning fevral oyida 1,5 mlrd dollarga teng 3 yillik suveren xalqaro obligatsiyalarni 11 foizdan;
  • Bahrayn joriy yilning aprel oyida 1 mlrd dollarga teng 12 yillik 7,75 foizdan joylashtirgan.

Vazirlik yashil obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘larning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilishi va e’lon qilib borilishini ta’kidlagan.