sentabr oyida ayrim iste’molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishlari natijasida tizimga 111 mlrd 428 mln so‘m zarar yetkazilgan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar qildi.

Vazirlik huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda sentabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 911 ta holatda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.

Bunda 94 mln 533 ming metr kub tabiiy gaz (91 mlrd 57 mln so‘m) va 42 mln 961 ming kVt⋅soat elektr energiyasi (20 mlrd 371 mln so‘m) talon-toroj qilinishi oqibatida tizimga keltirilgan jami 111 mlrd 428 mln so‘m zarar undirishga qaratildi.

Qayd etilishicha, noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko‘pi — Samarqand, Farg‘ona va Toshkent вилоятлари hissasiga to‘g‘ri keladi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 472 ming 665 ta xonadonning, elektr energiyasi esa 214 ming 805 ta xonadonning bir oylik iste’moliga tengdir.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilingan.