Turkish Airlines aviakompaniyasining THY-371 Toshkent-Istanbul reysi texnik sabablarga ko‘ra bekor qilindi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar bermoqda.

Dastlab, reys bir necha soatga kechiktirildi. Vaqt o‘tgach aviatashuvchi reysni bekor qilishni ma’qul deb topdi.

Jadvalga ko‘ra, bortida 265 nafar yo‘lovchi bo‘lgan A-333 samolyoti Toshkent vaqti bilan 02:35 da havoga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan. Biroq samolyotda texnik nosozlik aniqlangani sababli parvoz kechiktirilgan, yo‘lovchilar kutish zaliga joylashtirilgan va issiq ovqat bilan ta’minlangan.

Yakshanba kuni ertalab aviakompaniya ushbu reysni bekor qilishga va yo‘lovchilarni boshqa reyslarda Istanbulga tashishga qaror qilgan. Yo‘lovchilarga issiq ovqat va mehmonxonada joylashish ham taklif qilingan.