26-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida Xurshid Daliyev (1984-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan), Siyovush Hoshimov (1983-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan), Ahmadullo Ahmadjonov (2004-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) va Mavjuda Mirzayeva (ayol, 1973-yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan) ga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha yopiq sud jarayoni tugab, sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar qildi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining raisi T. Obidov raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra:

Xurshid Daliyev Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 2-qismi va 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi).

Xurshid Daliyev Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi, 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi va 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima va 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o‘ttatirilishi belgilandi.

Siyovush Hoshimov Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi).

Siyovush Hoshimov Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi, 165-moddasi 3-qismi “a” bandi va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 59 va 61-moddalari tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi umumiy tartibli koloniyalarda o‘ttatirilishi belgilandi.

Ahmadullo Ahmadjonov Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 1-bandiga asosan Jinoyat kodeksining 139-moddasi 2-qismi va jinoyat ishining ayrim epizodlari bo‘yicha 165-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybsiz deb topilib, reabilitatsiya etildi (oqlandi). Unga nisbatan 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha e’lon qilingan ayblovning qolgan epizodlari Jinoyat kodeksining 241-moddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 1-qismiga qayta malakalandi. Shu tariqa Ahmadullo Ahmadjonov Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Mavjuda Mirzayeva Jinoyat kodeksining 113-moddasi 4-qismi va 165-moddasi 2-qismi “a”, “v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli topilib, unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 59-moddasi tartibida 3 yilga ommaviy axborot vositalarida ishlash hamda jurnalistika va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga jinoyat ishi doirasida jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.

“Mazkur hukmdan norozi taraflar Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.