21-sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudida Suriyada terrorchilar safiga borib qo‘shilgan fuqaro ishi ko‘rib chiqildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

1987-yil Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro Jinoyat kodeksining 155−2-moddasi (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) 1-qismi, 155−2-moddasi 2-qismi, 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) 1-qismi bilan ayblangan.

Sud materiallariga ko‘ra, erkak 2016-yil 6-sentabr kuni yaqin do‘stining taklifi bilan Toshkent-Istanbul yo‘nalishidagi aviareys orqali Turkiya poytaxtiga borgan. So‘ng 2017-yil sentabr oyida Istanbuldan Suriyaga o‘tib, “Hay’at Tahrir ash-Shom” XTT (xalqaro terroristik tashkiloti) tarkibiga qo‘shilgan.

U yerda dekabr oyiga qadar terrorchilarni tayyorlash lagerida jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. 2018-yil sentabr oyida esa XTT safini kengaytirish uchun Turkiyaga qaytgan va 2022-yil dekabr oyiga qadar bir guruh shaxslarni yollab, ularni Suriyaga jo‘natib yuborishni tashkillashtirgan.

“Suriyadagi blogerlar ijtimoiy tarmoqlarda u yerdagi hayotni jannatdek ko‘rsatishadi, uni ko‘rgan odamning ishonmay iloji yo‘q. Mukammal ishlashadi. Lekin haqiqiy hayot borib ko‘rganingizdan keyin buning aksi ekanini ko‘rasiz, biroq unda kech bo‘ladi. Sizga qonuniy jazo ko‘rilishi lozim bo‘lib qoladi. Qaytib chiqaman desangiz, qo‘rqasiz, vatanimga borsam, qamalib ketaman deb o‘ylaysiz. U yerda qolsangiz, fitna bo‘layotganini ko‘rasiz va ikki o‘t orasida qolasiz. To‘g‘ri, men oq-qorani ajratadigan yoshdaman, ammo muhit mendanam yoshi kattalarni aldab, olib ketadi. Iqtisodiy boylik orttirish sabab aldanib qoldim”, — dedi sudlanuvchi.

Sudlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bilan uzil-kesil 9 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.