18-sentabr, dushanba kuni Janubiy Koreyaning Yangsan shahrida o‘zbekistonlik erkak yong‘in ichida qolgan 69 yoshli koreyalik ayolni qutqardi, deya xabar bermoqda The Korean Herald nashri.

Janubiy Kyonsan provinsiyasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, keksa er-xotin tomonidan boshqariladigan tamaddixonada soat 18:44 atrofida yong‘in kelib chiqqan. Portlash ovozi, oynalar sinishi va alangani ko‘rgan odamlardan biri yong‘in-qutqaruv raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan.

Yong‘in tezda va kutilmaganda yoyilgani sababli ayol restoranda yolg‘iz qolgan. O‘t o‘chirish bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, u kuygan va joyida yiqilib, og‘ir ahvolda qolgan. Ayolning 70 yoshli turmush o‘rtog‘i esa yong‘in boshlanishidan oldin restoranni tark etishga ulgurgan va kuchli yong‘in tufayli qaytib kira olmagan. Shu paytda qo‘shni xonadonda yashovchi 40 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yong‘in ichiga kirib, ayolni qutqarib chiqqan.

Ayni paytda ayol 2-darajali kuyish jarohati bilan, uning eri esa olgan jarohatlari sababli kasalxonada davolanmoqda. O‘zbekistonlik erkak shisha sinig‘idan jarohat olgan va voqea joyida unga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Yong‘in oqibatida butun restoran va yaqin atrofdagi avtomobillarga zarar yetgan. U soat 19:11 da to‘liq o‘chirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yong‘in zarari 60 ming dollardan ko‘proqqa baholangan. Hozirda uning kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.