Suriyadagi janglarda terrorchilik tashkilotlaridan biriga rahbarlik qilgan O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1972-yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Babamuratov Toshkent shahri Yunusobod tumanida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tgan, ma’lumoti o‘rta. 2009−2010-yillarda Termiz shahrida “Jihodchilar jamoati”ni tashkil qilgan.

2011-yilda guruh a’zolarining ko‘pchiligi hibsga olingan, qolganlariga qidiruv e’lon qilingan. Bu paytda Rossiyada bo‘lgan “Termiz jamoati” a’zolari Turkiyaga qochib o‘tgan.

2013-yil may oyida Ulug‘bek Babamuratov Suriyada “Katibat ul imom al-Buxoriy” xalqaro terrorchilik tashkilotini tuzgan. O‘sha yili unga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−2-moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruvga berilgandi.

“Hozirda Babamuratov Ulug‘bek Abdurasulovich Suriyadagi jangovar harakatlar chog‘ida vafot etgani to‘g‘risida tezkor ma’lumotlar olingan”, — deyiladi IIBB xabarida.